Ijrochi direktor bilan suhbat

Toshkent shahridagi «Moskva muhandislik-fizika instituti» Milliy tadqiqot yadro universitetining filiali besh yildan buyon faoliyat yuritadi.
2019-yil 3-sentabrda ish boshlagan ushbu filialda talabalar bakalavriatning «Yadro energetikasi va issiqlik fizikasi», «Yadro fizikasi va texnologiyalari», «Issiqlik energetikasi va issiqlik texnikasi» hamda «Elektr energetikasi va elektrotekhnika» yo‘nalishlari bo‘yicha taʼlim olmoqda.

Eʼtiborlisi, ushbu oliygoh 2023-yilda ilk bor o‘z bitiruvchilarini yetkazib berdi. Bu yil esa uning ikkinchi bitiruvchilar guruhiga diplomlar topshirilib, ular mustaqil hayotga qadam qo‘ydi.

Toshkent shahridagi «Moskva muhandislik-fizika instituti» Milliy tadqiqot yadro universiteti filialining ijrochi direktori Shavkat ABDUKOMILOV bilan o‘tgan besh yilda orttirilgan tajriba, taʼlim jarayoni va malakali kadrlar tayyorlash masʼuliyati haqida suhbatlashdik.

– Shavkat Shuxratovich, o‘tgan davr mobaynida filialning natija va muvaffaqiyatlarini qanday ko‘rasiz?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyuldagi «Toshkent shahrida “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universiteti» federal davlat avtonom oliy taʼlim muassasasi filialini tashkil etish va uning faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida»gi qarori asosida ushbu oliygoh tashkil etilgan.

Filial 2018-yil oxirida ochilgan va birinchi qabul 2019-yilda amalga oshirilgan. Bu yil ikkinchi bitiruvchilarimizga diplom topshirish marosimini o‘tkazdik. 55 nafar talabamiz muvaffaqiyatli o‘qishni tamomladi. Hozir ularni ishga taqsimlash jarayonlari ham boshlangan.

O‘tgan davrda filialimiz katta yo‘lni bosib o‘tdi. Filialimiz faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bu yerda o‘qish jarayonlari bosh universitetimiz talablari asosida amalga oshiriladi.

Filialimiz bitiruvchilari haqida ish beruvchilar tomonidan ijobiy fikrlar bildirilmoqda. O‘tgan yili 62 nafar ilk bitiruvchimiz ishga taqsimlangan. Bitiruvchilarning «Moskva muhandislik-fizika instituti» darajasida taʼlim olgani ularning mehnat faoliyatida yuqori baholanmoqda. Bu bizning eng katta natijalarimizdan biri deb ayta olamiz.

– Mazkur filial mamlakatda atom va energetika sanoatini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Bugungi kunda oliygoh tomonidan atom energetikasini malakali kadrlar bilan taʼminlash vazifasi qay tarzda bajarilmoqda?

– Shu vaqtgacha «Moskva muhandislik-fizika instituti» Milliy tadqiqot yadro universitetining xorijiy filiali bo‘lmagan. Bizning filial uning ilk xorijiy filialidir.

Bu yerda talabalar asosan umumiy muhandislik malakasini olishadi. Shu sababli, bu oliygohni tamomlagandan keyin ham mutaxassis doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, tajriba orttirishi va mavjud atom energetikasi obʼyektlarida stajirovkalarga jalb etilishi shartdir. Bu tizim hozirda «O‘zatom» agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, «Rosatom» davlat korporatsiyasining Texnika akademiyasi, Koreya Respublikasining «KEPCO International Nuclear Graduate School» (KEPCO kompaniyasining xalqaro yadro maktabi), Vengriyaning bir qator universitetlari va ularning atom energetikasi bo‘yicha masʼul kompaniyalari, Xalqaro atom energiyasi agentligi kabi tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan treninglar va malaka oshirish kurslarida bitiruvchilarimiz muntazam qatnashib kelmoqda.

Taʼkidlash joizki, oliygohimizni tamomlaganlar darhol AES boshqaruviga kirisholmaydi, chunki ularda hali yetarli malaka bo‘lmaydi. Shu sababli, bizning bitiruvchilarimiz IES (issiqxona elektr stansiyalari)larda tajriba orttirmoqda. IESning AESdan asosiy farqi bu bug‘ qozoni o‘rnida yadro reaktori mavjudligidir. Qolgan tizim elementlari esa deyarli bir xil. Yana bir guruh bitiruvchilarimiz Bangladeshdagi real AES qurilishida bir yil davomida stajirovka o‘tashdi.

Bundan tashqari, ular kelajakda Rossiyadagi ayrim stansiyalarda, «Rosatom» tomonidan boshqa mamlakatlarda qurilayotgan AESlarda ish tajribasi orttirib, ko‘nikma va bilimlarni yanada boyitadi. Bu esa ular uchun bizning AESni boshqarishda eng zarur va muhim ko‘nikmalar hisoblanadi.

– Shu o‘rinda, filialning ilk bitiruvchilari haqida gapirib bersangiz. Ularning bilim salohiyati ish beruvchilarga maʼqulmi?

– Albatta, bu borada shubha yo‘q. Taʼkidlaganimdek, o‘tgan yili filialni 62 nafar ilk bitiruvchi tamomlagan. Ulardan 31 nafari xorijning yetakchi universitetlarida magistratura bosqichida taʼlim olmoqda. Bu natijani katta yutuq deb hisoblayman. Ular asosan Fransiya, Koreya Respublikasi va Rossiyaning yetakchi universitetlarida tahsil olayapti.

Qolgan 31 nafari esa «O‘zatom» agentligi va unga qarashli tashkilotlar, shuningdek, Energetika vazirligi tasarrufidagi korxonalarda faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yilgi bitiruvchilarimiz ish jarayonida o‘z salohiyatlarini muvaffaqiyatli namoyish eta oldi. Shu sababli, bu yilgi bitiruvchilarga ham ish takliflari kelib tushmoqda. Bitiruvchilarimizning 20 foizi atom energetikasi obʼyektlari uchun, 80 foizi esa energetika, kimyo, elektronika, IT, qurilish sohalariga taqsimlanadi.

– Bu yilgi bitiruvchilarni qanday jarayonlar kutmoqda? Ularning ish taqsimoti qanday amalga oshiriladi?

– Bu yil 55 nafar bitiruvchimiz uchun ish taqsimoti jarayonlari boshlandi. Yaqinda «O‘zatom» agentligi rahbariyati ishtirokida talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Ular o‘z bilim va ko‘nikmalari, qaysi sohada ishlashni maʼqul ko‘rishayotgani haqida fikr bildirishdi. Ushbu maʼlumotlarga asosan, 30 nafar talaba bu yil ishga taqsimlanadi, 25 nafari esa magistraturada o‘qishni davom ettiradi.

– Yaqin 5-10 yil ichida mamlakat atom energetikasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi qanday o‘zgarishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

– Dunyoda atom energetikasi sohasida kadrlar tayyorlaydigan universitetlarda ilg‘or muhandislik maktablarini yaratish bo‘yicha ko‘plab ishlar olib borilmoqda. Bu maktablar faoliyati taʼlim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari bilan uzviy bog‘liqdir.

Hozirgi vaqtda universitetlarda dual taʼlim tizimi rivojlanmoqda. Bu tizimda ayrim fanlarni o‘qitish bevosita ishlab chiqarish korxonalarida tashkil etiladi. Bizning talabalarimiz Toshkent issiqlik elektr stansiyasi, Yadro fizikasi instituti va «O‘zbekkimyomash» zavodida amaliyot darslarini o‘taydi. Bu ularga O‘zbekiston energetika sohasidagi yangi loyihalar va o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

Kelgusida filialimizda magistratura yo‘nalishini ochish hamda muhandislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yish strategik rejalarimiz qatorida turibdi.

– Bu yil filialda «Tibbiyot fizikasi: Yadro tibbiyoti» yo‘nalishi ochildi. Bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– Hozirgi kunda onkologik kasalliklarni diagnostika qilish va davolashda yadro texnologiyalari keng qo‘llanilmoqda. Bu Xalqaro atom energiyasi agentligining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Onkologiya markazlariga texnologik jihatdan murakkab uskunalar xarid qilinmoqda. Ushbu uskunalarni boshqarish uchun tibbiyot fiziklari zarur. Tibbiyot fiziklari o‘simtani davolashda radioaktiv taʼsir dozasini aniqlash va zarur hisob-kitoblarni amalga oshiradi.

Bu talablarni inobatga olib, filialimizda «Tibbiyot fizikasi: Yadro tibbiyoti» yo‘nalishini ochdik. Bu yil 50 nafar talaba uchun kvota ajratildi. Hozirda qabul jarayonlari davom etmoqda.

O‘zbekiston Axborot agentligi muxbiri Nasiba Ziyodullayeva suhbatlashdi.

 

Оставьте комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *